to leftYangiliklar
17 June
eye711
"O'zbekiston bilan taom tayyorla" loyihasidan ilhomlanib Belgiyada osh tayyorlandi!
Guli xanim

Sizga yaxshi ma'lumki, O'zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, O'zbekiston Gastronomik turizmi assotsiatsiyasi hamda "Dunyo bo'ylab" telekanali bilan hamkorlikda yurtimizning gastroturistik salohiyatini namoyon qilish maqsadida "O'zbekiston bilan taom tayyorla" loyihasini yo'lga qo'ygan edi.

Loyiha doirasida har hafta o'zbek oshxonasining milliy taomlari yurtimizning taniqli oshpazlari tomonidan online tarzda mahorat darslari ko'rinishida tayyorlab ko'rsatildi va ularni dunyoning turli chekkasidan turib kuzatib borishdi.

Mahorat darslari ishtirokchilarda juda iliq taassurot qoldirdi va kutilganidan ortiq natija berdi. Ushbu mahorat darslaridan ilhomlanib Belgiyada o'zbek oshi tayyorlab ko'rildi.

2019-yilda turistik jurnalist va fotograflar John Reinhard va Marleen Tutenel ular uchun noma'lum, ammo go'zal mamlakat bo'lgan O'zbekistonni o'zlari uchun kashf etdilar. Ular O'zbekiston elchixonasi va Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi ko'magi bilan bir necha bor yurtimizga tashrif buyurishdi. Qo'mitaning iltimosiga binoan, ularga 2019-yil sentabr oyida O'zbekistonga press-sayohat uyushtirishga ruxsat berildi. Tarixiy manzillar, noodatiy turistik maskanlar va yodgorliklar bilan tanishish bilan bir qatorda ular O'zbekiston gastronomik turizmi assotsiatsiyasida ham bo'lib, assotsiatsiya rahbari Gulnoza Odilova bilan uchrashishgan edi.

So'nggi oylarda do'stlik aloqalari yanada mustahkamlanib bordi va O'zbekiston gastronomik turizmi assotsiatsiyasi internet tarmog'i orqali oshpazlik darslarini o'tkazish tashabbusini ilgari surganida, ular birinchilardan bo'lib ishtirokchi sifatida barcha online mahorat darslarni kuzatib borish istagini bildirishdi va darslarda katta qiziqish bilan ishtirok etishdi. Shundan so'ng, John va Marleen Belgiya fotosuratchilarining bir guruhini 2021-yil aprel oyida ular bilan birga O'zbekistonga sayohat qilishga undadilar va sayohatga tayyorgarlik jarayonida online darslarni kuzatishda olgan taassurotlaridan ilhomlanib o'zbek taomlarining shohi palovni birgalikda ta'tib ko'rishga qaror qilishdi. Bundan avval Belgiyadagi O'zbekiston elchixonasining yig'ilishida elchixona oshpazi tomonidan tayyorlangan oshni ko'pchilik sevib iste'mol qilgan edi. Shu sababdan Marleen elchixonaga oshpazdan palovning retseptini yuborishini so'rab murojaat qildi. Belgiyadagi O'zbekiston elchixonasi javob xati orqali, elchixonaning o'zi ularga osh uchun kerakli masalliqlar va oshpazni yuborishini aytdi.

Shunday qilib, 12-iyun kuni John va Marleenning bog'ida barcha mehmonlarni hayratda qoldirgan holda, oshpaz to'satdan barcha pishirish asboblari va Bryusselda sotib olingan kerakli ingredientlar bilan paydo bo'ldi va palovxonto'rani ularga tayyorlab berdi.

Fotosuratchilar oshning tayyorlanish jarayonidan ko'plab fotosuratlar olish barobarida retseptni ham o'rganib chiqishdi.

Belgiya gazetalari jurnalistlari bu ular uchun juda yaxshi yangilik bo'lishini o'ylab qolishdi va shu sababli o'zbek oshxonasining ajralib turadigan o'ziga xosligi bilan yaqindan tanishishni istashdi. Ularning bu qiziqishlari Belgiya nashrlarida ham o'z aksini topdi va o'zbek oshi tayyorlangani haqidagi maqola chop etildi.

Aytish mumkin, ushbu tadbir O'zbekiston turistik salohiyatini yanada keng namoyon qilish uchun yana bir ajoyib imkoniyat bo'ldi.

Guruh kelasi yil aprel oyida O'zbekistonga tashrif buyuradi. John va Marleen bu yil sentyabr oyida ham O'zbekistonga kelishga umid qilishyapti. Biz ham ularni intizorlik bilan kutib qolamiz.

#StayHome

#CookWithUzbekistan

#PlanYourTastyDestination

Sevimli hamkorlarimiz