Ko`pchilik xo`randalarga yaxshi ma’lum respublikamizning voha hududlarida, asosan, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida “Tandir kabob” nomli juda xushxo`r, kaloriyaga boy taom tayyorlanadi. Yangi so`yilgan qo`y go`shtini yirik bo`laklarga bo`lib, go`shtning ustki qismi pichoqda yengil tilib chiqiladi. So`ng u tuzlanadi, ustiga maydalangan sarimsoq piyoz surib chiqiladi. Keyin zira, kashnich va yanchilgan shirin garmdori kabi ziravorlar bilan go`shtga ishlov beriladi. Tandir go`shtga asosiy ta’m beruvchi tog` archasi shoxlari va nina barglari bilan 4-5 soatga tindirib qo`yiladi, bu ko`pincha go`shtning holatiga ham bog`liq. Marinadlangan tandir go`shti qizib turgan tandirda tog` archasi barglari bilan birga 2 soat davomida pishiriladi.
Turli xalqlar oshxonasiga mansub taomlarni o`rganishimiz natijasida hind oshxonasida ham aynan tandir kabobga o`xshab tayyorlanadigan “Tandoori chicken” (Tandir tovug`i) taomini uchratdik. Faqat u o`z nomi bilan tovuq go`shtidan tayyorlanadi. Garchi, bugungi kunda bizning tandir kabob ham tovuq, kurka go`shtidan ham tayyorlana boshlangan bo`lsa-da, lekin, tandir kabob deganda avvalo, ko`z oldimizda qo`y go`shtidan tayyorlangan taom keladi.
Tandoori chicken ya’ni hincha tandir tovug`ini tayyorlash uchun tovuq go`shtni olib, uni bo`laklarga bo`lib ustki qismi tilib chiqiladi, xuddi tandir kabobga o`xshab. So`ng turli ziravorlar, xususan, qizil qalampir kukuni, zarchava, zanjabil va sarimsoq pastasi hamda ta’bga ko`ra tuz solib marinadlanadi. Tandir kabobdan farqli jihati shundaki, hindlar go`shtga ishlov berish jarayonida unga smetana ham qo`shishadi. Barcha kerakli mahsulotlar solingach, go`sht xona haroratida 8soatgacha bo`lgan vaqt mobaynida tindirib qo`yiladi. Tayyor holatga kelgach, tandir pechida pishiriladi. Tandir pechi bo`lmaganda uni gaz yoki elektr pechda pishirish mumkin. Bugungi kunda uni hindlar tovada qovurib, so`ng cho`g`da dimlab ham tayyorlashmoqda. Lekin o`zbekcha tandir kabobni tayyorlashda tandirning o`rnini hech nima bosolmaydi. Shuningdek, tovuq tandirning pishishi tandir kabobchalik ko`p vaqt olmaydi.
Aytish kerak, hindlar taomlarni tayyorlashda ziravorlardan ko`p va ho`p foydalanishidi. Ularning hidi, ta’mi taomda yaqqol sezilib turadi. An’anaviy tayyorlanish usuliga ko`ra tandir tovug`i juda achchiq bo`ladi. Chet ellik mehmonlarga mo`ljallangan ko'plab restoranlarda mijozlarning ta’bi inobatga olinib taomning ziravorlari sezilarli darajada kamaytiriladi.
Xullas, dunyo oshxonasi qanchalik xilma-xil bo`lsa, shunchalik bir-biriga yaqin.