22 May
eye534
O'zbekiston bilan taom tayyorla!
Guli xanim

O'zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, O'zbekiston Gastronomik turizmi assotsiatsiyasi hamda "Dunyo bo'ylab" telekanali bilan hamkorlikda "O'zbekiston bilan taom tayyorla" loyihasini yo'lga qo'ydi. Loyiha doirasida har hafta O'zbek oshxonasining milliy taomlari yurtimizning taniqli oshpazlari tomonidan online tarzda mahorat darslari ko'rinishida tayyorlab ko'rsatiladi. Ushbu mahorat darslarini dunyoning istalgan nuqtasidan turib tomosha qilish va ko'rsatilayotgan taomlarni o'rganib, tayyorlab ko'rish mumkin. Bu esa yurtimizga tashrif buyurish istagida bo'lgan sayyohlar uchun ayni muddaodir. Loyihaning asosiy maqsadi, bugun uyda o'tirib ertaga yurtimizga tashrif buyirishi mumkin bo'lgan chet ellik sayyohlarga yurtimizning gastroturistik salohiyatini namoyon etishdan iborat.

Bugun mazkur online mahorat darslarining birinchisi Toshket shahridagi Navro'z bog'i, Buxoro restoranida bo'lib o'tdi. Unda jonli efirda mahoratli yosh oshpaz Ahmadjon Hamdamov tomonidan o'zbek bayram oshi tayyorlab ko'rsatildi.

Bu jarayonni Italiya, Malta, Amsterdam va Yevropaning bir qator davlatlari vakillari kuzatib bordilar.

Efir davomida kuzatuvchilar oshpazga jarayonga oid o'zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va unga tegishlicha javoblar olishdi.

Mazkur mahorat darsi davomida bayram oshining nafaqat tayyorlanishi, balki u bilan bog'liq urf-odatlar, an'analar haqida ham ma'lumot berildi.

Shuningdek, O'zbekiston Gastronomik turizmi assotsiatsiyasi tomonidan "Oshning o'zbek madaniyatidagi o'rni" mavzusidagi taqdimot va O'zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi tomonidan tayyorlangan yurtimizning gastronomik salohiyati haqidagi videorolik namoyish etildi. Mahorat darsi barcha ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.

Eslatib o'tamiz, "O'zbekiston bilan taom tayyorla" loyihasining keyingi online mahorat darsi 23-may kuni, mahalliy vaqt bilan soat 17.00da boshlanadi.

 

Ro'yxatdan o'tish uchun ushbu havolaga kiring.

Sevimli hamkorlarimiz