27 May
eye772
O'zbekiston bilan taom tayyorla!
Guli xanim

O'zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi, O'zbekiston Gastronomik turizmi assotsiatsiyasi hamda "Dunyo bo'ylab" telekanali bilan hamkorlikda "O'zbekiston bilan taom tayyorla" loyihasini yo'lga qo'ydi. Loyiha doirasida har hafta O'zbek oshxonasining milliy taomlari yurtimizning taniqli oshpazlari tomonidan online tarzda mahorat darslari ko'rinishida tayyorlab ko'rsatiladi. Ushbu mahorat darslarini dunyoning istalgan nuqtasidan turib tomosha qilish va ko'rsatilayotgan taomlarni o'rganib, tayyorlab ko'rish mumkin. Bu esa yurtimizga tashrif buyurish istagida bo'lgan sayyohlar uchun ayni muddaodir. Loyihaning asosiy maqsadi, bugun uyda o'tirib ertaga yurtimizga tashrif buyirishi mumkin bo'lgan chet ellik sayyohlarga yurtimizning gastroturistik salohiyatini namoyon etishdan iborat.

Mazkur online mahorat darslarining navbatdagisi ham Toshkent shahridagi Navro'z bog'i, Buxoro restoranida bo'lib o'tdi. Unda jonli efirda mahoratli oshpaz, bir necha tanlovlar g'olibi Rahim Davletov tomonidan Xorazm oshxonasining ajoyib taomlaridan biri "Shivit oshi" tayyorlab ko'rsatildi.

Bu jarayonni bir qator chet davlatlari vakillari online kuzatib bordilar.

Oshpaz taomni tayyorlash jarayonida uning kelib chiqishi, tarixi, foydali xususiyatlari haqida ham to'xtalib o'tdi.

Efir davomida kuzatuvchilar oshpazga jarayonga oid o'zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va unga tegishlicha javoblar olishdi.

O'zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi tomonidan tayyorlangan Xorazm viloyatining tarixi, o'ziga hos jihatlarini ochib beruvchi va mazkur hududning turistik salohiyatini namoyon qiluvchi videorolik taqdim etildi. Mahorat darsi barcha ishtirokchilarda iliq taassurot qoldirdi.

Eslatib o'tamiz, "O'zbekiston bilan taom tayyorla" loyihasining keyingi online mahorat darsi 28-may kuni, mahalliy vaqt bilan soat 17.00da boshlanadi.

Ro'yxatdan o'tish uchun havola

Sevimli hamkorlarimiz